Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabida gvardiyachilar va ularning oila aʼzolari ishtirokida tadbir tashkil etildi

13.Avg.2025

Mustaqilligimizning 34 yilligi “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida keng nishonlanmoqda. Bugun Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabida gvardiyachilar va ularning oila aʼzolari ishtirokida ham ana shunday bosh gʻoya asosida tadbir tashkil etildi. Unda yashnobodlik yoshlar ham ishtirok etishdi. 

Tadbirda mustaqillik yillarida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, tinchlik va barqarorlikni asrab-avaylash, yurtimiz ravnaqi uchun har bir fuqaroning masʼuliyati haqida soʻz yuritildi. Shuningdek, gvardiyachilarning Vatan himoyasidagi jasorati, ularning oilalariga yaratilayotgan sharoitlar alohida taʼkidlandi.

Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi oʻquvchilari tomonidan tayyorlangan sheʼriy chiqishlar,milliy qoʻshiq va raqslar tadbirga koʻtarinki ruh baxsh etdi. Gvardiyachilar bilan yoshlar oʻrtasidagi samimiy muloqotlar, vatansevarlik, fidoyilik va jipslik kabi qadriyatlarni yuksaltirishga qaratilgani bilan ahamiyatli boʻldi.

Tadbir yakunida faol ishtirok etgan gvardiyachilar va maktab oʻquvchilariga esdalik sovgʻalari hamda tashakkurnomalar topshirildi. Ushbu maʼnaviy-maʼrifiy tadbir barcha ishtirokchilarda yurtga muhabbat, tinchlikka hurmat tuygʻularini yanada mustahkamladi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech