Sentabr yaqinlashdi degancha barcha ota-onalarda farzandlari uchun maktab formasi va oʻquv anjomlari xarid qilish tashvishi paydo boʻladi. Mazkur jarayonda tashkil etilayotgan koʻchma yarmarkalar davlat xizmatchilari uchun ayni muddao boʻlmoqda. Milliy gvardiya qoʻmondonligi tomonidan ham shaxsiy tarkib uchun ana shunday koʻchma maktab yarmarkasi tashkil etildi.
Albatta mazkur tadbirning qulay tomoni shundaki, xizmat burchini bajarayotgan gvardiyachilar va Qashqar mahallasi hududida yashovchi oilalar vaqtlarini tejagan holda farzandlari uchun oʻquv anjomlarini xarid qilishlari imkoniyati yaratildi.
Yarmarka doirasida maktab formalari, oʻquv anjomlari keng turda va arzonlashtirilgan narxlarda taklif etildi. Shuningdek, mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlariga alohida eʼtibor qaratildi, bu esa tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va ichki bozor imkoniyatlaridan samarali foydalanishga xizmat qildi.
Taʼkidlash joizki, gvardiyachilar uchun xizmatdan ajralmagan holda maktab anjomlarini xarid qilish imkoniyati yaratildi. Bunday yondashuv ularning xizmat faoliyatini izchil davom ettirishlari bilan birga, farzandlarining oʻquv yiliga tayyorgarligida ishtirok etishlarini taʼminlashga xizmat qildi.
Bo`lishmoq: