Mustaqilligimizning 34 yilligi tadbirlar joylarda “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun” degan ezgu gʻoya asosida koʻrik-tanlovlar va sport musobaqalari, konsert dasturlari koʻrinishida tashkil etilmoqda. Poytaxtimizdagi Milliy gvardiya boʻlinmalarida xizmat qilayotgan gvardiyachilar oila aʼzolari oʻrtasida oʻtkazilgan «Otam, onam va Men sportchi oila» shiori ostida oʻtkazilgan sport musobaqasi ham shular jumlasidan hisoblanadi.
Milliy gvardiya Toshkent shahar Chavandozlar maktabi hududida gvardiyachilar oilaviy jamoalari oʻrtasida «Otam, onam va Men sportchi oila» shiori ostida sport musobaqasi oʻtkazildi. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad shaxsiy tarkibning oila aʼzolarini jismoniy salohiyatini rivojlantirish va oilalaridagi sogʻlom muhitni yaratish, sportni kundalik hayotda ommalashtirishdan iboratdir.
Musobaqada har tomonlama salohiyatli harbiy oila boʻla olgan 10-12 yillik oilaviy hayot tajribasiga ega 7 ta oilaviy jamoalar 12 - 14 yosh oraligʻidagi 2 nafar farzandlari oʻz oilaviy kiyimi hamda koʻkrak nishoni bilan qatnashishdi.
Musobaqa 4 ta shart boʻyicha oʻtkazildi. Dastlabki shartda ishtirokchilar otda manej boʻylab toʻsiqlar oralab odimlab yurish mashqlarini bajarishdi. Soʻngra oilaviy tarzda Kamondan otish sporti boʻyicha mahoratlarini sinovdan oʻtkazishdi. Qarab tep, Velosipedda uchish, arqon sakrash shartlari ham juda qizgʻin oʻtdi. Oxirgi Estafeta sharti jamoalarning kuchli tomonini koʻrsatib berdi. Ushbu shartda ishtirokchi oila aʼzolari turli toʻsiqlardan chaqqonlik va epchillik bilan marrani bosib oʻtishdi.
Musobaqani shaffofligini taʼminlash uchun har bir shartni Kamondan otish va Ot sporti federatsiyalari malakali mutaxassislari hamda Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Xotin qizlar qoʻmitasi mutasaddilari kuzatib borishib, baholashdi.
Albatta barcha musobaqalarda boʻlgani kabi ushbu tadbirda ham gʻoliblar aniqlandi. Birinchi oʻrinni “Qalqon” jamoasi, 2-oʻrinni “Yosh sportchi”lar jamoasi va 3-oʻrinni “Liderlar” hamda “Jasorat” jamoalari egalladi va ular tashkilotchilar tomonidan eʼtirof etildi.
Shuningdek, musobaqa ishtirokchilari quyidagi «Eng ahil harbiylarning oilasi», «Eng chaqqon harbiylarning oilasi», «Muxlislar mehrini qozongan harbiylarning oilasi», «Eng epchil harbiylarning oilasi» nominatsiyalari boʻyicha ham ragʻbatlantirildi.
Bo`lishmoq: